AsosiyJamiyat

3 oyda 318 nafar shilqim javobgarlikka tortildi

'3 oyda 318 nafar shilqim javobgarlikka tortildi'ning rasmi

Oiladagi zo`ravonlik bilan bog`liq huquqbuzarliklar jabrini birinchi galda ayollar tortadi. Bu ko`plab ayollarning huquqlari toptalishiga, turmush tarzidan qoniqmay, hatto, o`z joniga qasd qilish darajasigacha borishiga, voyaga etmagan farzandlarning ona mehridan erta judo bo`lishiga sabab bo`ladi. Bularning barchasi so`nggi yillarda yurtimizda echilishi lozim bo`lgan qator o`tkir muammolar borligini va sohani tartibga soluvchi qonunchilikda ayrim bo`shliqlar mavjudligini anglatayotgan edi.

Shu sababli davlatimiz rahbari xotin-qizlar va bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish masalasiga alohida urg`u berib, tazyiq va zo`ravonlikka uchragan ayollar va bolalarni himoyaga olish tizimini takomillashtirish zarurati borligini bir necha bor qayd etgan edi. Mazkur tashabbus barcha davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari tomonidan qo`llab-quvvatlandi.

Prezident tomonidan 2023 yil 11 aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun xotin-qizlarning jamiyatdagi o`rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash yo`lidagi dadil qadamdir. Yaqinda mazkur qonun qabul qilinganiga bir yil to`ldi.

Ushbu qonun asosida amaldagi qonunchilikka “oilaviy (maishiy) zo`ravonlik” tushunchasi kiritilib, bunday qilmishlar uchun ma`muriy va jinoiy javobgarliklar belgilandi. Bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Mazkur Qonun bilan 5ta kodeks va 10ta qonunga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Jumladan:

  • oilaviy zo`ravonlik (mulk, ta`lim olish, sog`liqni saqlash yoki mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to`sqinlik qilish, mol-mulkka va shaxsiy ashyolarga qasddan shikast etkazish, sha`n va qadr-qimmatni tahqirlash, qo`rqitish, yaqin qarindoshlardan ajratib qo`yish) uchun;
  • shaxsning sha`nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma`lumotlarni oshkor qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Voyaga etmaganlarga nisbatan yoki javobgarlikni og`irlashtiruvchi holatlarda jinsiy erkinlikka va daxlsizlikka qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirildi.

Yangi Qonun ayollar va bolalar himoyasida quyidagi engilliklarni taqdim etdi:

  • Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan nomaqbul harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi.
  • Oilaviy zo`ravonlik, shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi. 
  • Voyaga etmaganlarga jinsiy zo`ravonlik qilgan shaxslarning bolalarga ta`lim-tarbiya berishi, bolalar bilan bevosita ishlashi, shu kabi faoliyat turlari bilan shug`ullanishi taqiqlandi. Bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro`yxatini yuritish ko`zda tutildi.
  • Oilaviy va maishiy zo`ravonlik uchun, ta`qib qilish, shahvoniy shilqimlik, ayolni o`z homilasini sun`iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik ko`zda tutildi. Ya`ni 60 mln so`mgacha jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
  •  Ayollarni jinsiy aloqa qilishga, turmush qurishga majburlash yoki to`sqinlik qilish holatlari yuz berganda yarashish institutini qo`llamaslik ham belgilandi.
  • “Ta`qib etish” tushunchasiga ta`rif berilib, ta`qib etganlik uchun ham himoya orderi berilishi (1 yilga) mumkinligi belgilandi. Qonun kuchga kirishdan oldin order ichki ishlar idoralari tomonidan 30 kunga berilgan.
  • Ota-onaning voyaga etmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo`yicha majburiyatlarini bajarmasdan xorijga chiqib ketishi yoki yashash joyini tark etishi ma`muriy javobgarlikka sabab bo`lishi belgilandi.

O`tgan bir yillik qisqa davrning o`zidayoq yangi qonun amaliy natijalarini berdi. Xususan, 2024 yilning birinchi choragida shahvoniy shilqimlik qilishda ayblangan 318 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi.

Oilaviy va maishiy zo`ravonlikda ayblangan 4 343 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi. Ularning 2 344 nafariga jarima jazosi, 1 999 nafariga ma`muriy qamoq jazosi qo`llanildi.

Oliy sud matbuot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, Jinoyat kodeksining 126-1 va 141-3-moddalari asosida ham bir qator aybdor shaxslar sudlandi. 2023 yilda O`zbekistonda 203 nafar shaxs oiladagi zo`ravonlik bo`yicha Jinoyat kodeksiga muvofiq sudlanib, ularning 59 nafari qamalgan, 144 kishi esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazoni olgan. Shuningdek, 8 ming 928 kishi ma`muriy javobgarlikka tortilgan.

Tahlillarga ko`ra, ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlar masalalari bo`yicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga etmaganlar bilan bog`liq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan o`z vaqtida chora ko`rishga to`sqinlik qilmoqda.

Tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat himoyasiga olinishi uchun ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektorlar mas`uliyatini kuchaytirish talab etiladi.

Shundan kelib chiqib, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 248-moddasiga qo`shimchalar kiritildi. Unga ko`ra, bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish bo`yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini iste`mol qilganlikda, shuningdek, voyaga etmagan shaxsni g`ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni ma`muriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlar masalalari bo`yicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar beriladi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektorlariga tazyiq o`tkazgan yoki zo`ravonlik qilgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo`lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi ma`muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berildi.

Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda O`zbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning yangi bosqichiga asos solindi. Bu borada o`tgan bir yil ichida qator muhim natijalarga erishildi.

Yangi O`zbekistonda qilmish va jinoyat uchun jazo muqarrarligi qat`iy ta`minlanmoqda. Jamiyatimizda, oilalarda maishiy muhit izchil yaxshilanib, ayollarimizning qadr-qimmati, qizlarimizning izzat-hurmati tiklanmoqda.

    Boshqa yangiliklar