Samarqand shahridagi Cho`pon ota massivida noqonuniy sotuvdan olib qo`yilgan 30 bosh Markaziy Osiyo toshbaqasi bolalari yovvoyi tabiatga qo`yib yuborildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshbaqalar sog`lig`ini tekshirish uchun darhol Zarafshon milliy tabiat bog`i reabilitasiya markaziga o`tkazildi.
Qayd etilishicha, toshbaqalarni sotmoqchi bo`lgan huquqbuzarlar ekologik reyd davomida voqea joyidan qochib ketgan. Ularning shaxsini aniqlash bo`yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Markaziy Osiyo toshbaqasi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI) Qizil ro`yxati va O`zbekiston Qizil kitobiga zaif va kamayib borayotgan tur maqomida kiritilgan.






