Davlatimiz rahbari Qorako`l tumanida jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Buxorolik nuroniylar ijtimoiy davlat tamoyili asosida joylarda inson manfaatlari ta`minlanayotganini aytishdi. Zamonaviy maktab va institutlar tashkil etilib, bolalar ta`lim-tarbiyasiga imkoniyatlar kengaymoqda. Aholining salomatligi doimiy nazoratda.
Iqtisodiy-ijtimoiy dasturlar natijasida tumanlarga sanoat kirib borayapti, mahallalar obod bo`lmoqda. Tadbirkorlik va o`zini o`zi band qilishga keng yo`l ochilgan.
Sayxunobod tajribasi asosida iqtisodiy kompleks tashkilotlari kambag`al oilalar bilan manzilli ishlab, ularning daromad topishiga ko`maklashmoqda. Tomorqalardan samarali foydalanilayapti.
Bular yurtimizdagi to`kinlik va farovonlik, ijtimoiy muhit barqarorligini yanada mustahkamlayotgani ta`kidlandi. Nuroniylar Buxoroda ishga tushirilayotgan va qurilayotgan korxonalarning aholi bandligidagi ahamiyatini qayd etib, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.






