Bir qator ommaviy axborot vositalari va Telegram messenjerining ommabop kanallarida “Toshkent” xalqaro aeroportining uchib kelish zalida bagaj aravachalari va katta hajmdagi yuklar bilan odamlar to`planib turgani aks etgan video tarqaldi. Shuninndek, yo`lovchilardan biri hushidan ketgani aks etgan.
Holatga "Uzbekistan Airports" izoh berdi.
Ta`kidlanigicha, yo`lovchilarning to`planib turishi aeroportda yuklarning kechikishi bilan bog`liq emas. Istanbul – Toshkent yo`nalishi bo`yicha HY-272 reysi Toshkent vaqti bilan soat 19:04 da poytaxt aeroportiga qo`ndi. Samolyotdan yuklarni tushirish 19:23 da boshlangan. Shunday qilib, bagajlar o`z vaqtida yo`lovchilarga etkazilgan.
Yo`lovchilarning to`planib qolishi bagajlar olingach, bojxona nazoratiga o`tish joyida kuzatilgan. Tegishli xizmatlar ma`lumotlariga ko`ra, bojxona qo`mitasi xodimlari tomonidan fuqarolarga bir necha bor qonun hujjatlari bo`yicha tushuntirishlar berilganiga qaramay, ko`p miqdorda yuki bo`lgan bir necha yo`lovchilar tijorat maqsadida olib kelingan tovarlarni bojxona nazoratidan o`tkazish va rasmiylashtirishdan bosh tortgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik maqsadida tovarlar olib kirilayotganda bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qo`llaniladi. Tijorat maqsadlari uchun mo`ljallangan tovarlar yuk bojxona deklarasiyasi asosida rasmiylashtiriladi va bojxona to`lovlari belgilangan bojxona stavkalari bo`yicha undiriladi. Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadlarda olib o`tiladigan tovarlarga nisbatan soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi qo`llaniladi.
Uchib kelish zalida hushidan ketgan ayolga aeroport tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan. Dastlabki xulosaga ko`ra ayolning hushdan ketishiga uning sog`lig`idagi muammolar sabab bo`lgan.






