AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev ipakchilik korxonasini ko`zdan kechirdi

'Shavkat Mirziyoev ipakchilik korxonasini ko`zdan kechirdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev “G`ijduvon ipak tola” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda bu tarmoqda ham klaster tizimi joriy etildi. Jumladan, 74 ta pilla-ipakchilik klasteri va 11 ta urug`chilik korxonasi tashkil qilindi. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga kengaydi. Bularning natijasida pilla etishtirish hajmi 2,5 barobar, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar ko`paydi.

“G`ijduvon ipak tola”da ham klaster tizimi yo`lga qo`yilib, yiliga 48 tonna xom ipak va 28 tonna ipak momig`i ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Unga G`ijduvon va Shofirkon tumanlari biriktirilgan bo`lib, ozuqa bazasi uchun o`tgan yili 2 million 300 ming tup tut ko`chatlari ekilgan. Ikki tumanda 28 ming nafar aholi ish bilan ta`minlangan.

Korxonada pilla xomashyosi to`liq qayta ishlanadi. Bu yil ikki marta hosil olinib, 842 tonna pilla xomashyosi etishtirildi.

Bu 104 milliard so`mlik mahsulotlar ishlab chiqarish hamda 4 million dollardan ziyod eksport qilish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari pilla qurtxonasi va hosilini ko`zdan kechirdi. Pilla genetikasini rivojlantirib, sifat toifasini oshirish, klasterlar faoliyatiga ilmni olib kirish zarurligini ta`kidladi. Namunali klasterlarda boshqa pillakorlarni o`qitib, ilg`or texnologiyalarni ommalashtirish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoev Buxoro viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo`nab ketdi.

    Boshqa yangiliklar