AsosiyJamiyat

2023-2024 yillarda 40 taga yaqin hujjat JST talablariga moslashtirildi

'2023-2024 yillarda 40 taga yaqin hujjat JST talablariga moslashtirildi'ning rasmi

Kecha, 31 may kuni Adliya vazirligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamkorligida “Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg`unlashtirish masalalari” mavzusida konferensiya bo`lib o`tdi.  

Unda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti (JST) bitimlariga uyg`unlashtirishning dolzarb masalalari, ushbu tashkilotga a`zo bo`lishdagi alohida o`rni va ahamiyati hamda ilmiy savollar muhokama qilindi. 

Xususan, adliya vaziri o`rinbosari Alisher Karimov O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Adliya vazirligi hamda 20 dan ortiq vazirlik va idoralarda JST masalalari bo`yicha bo`linmalar tashkil etilganligini hamda milliy qonunchilikni uyg`unlashtirish bo`yicha doimiy ish olib borilayotganligini belgilab o`tdi. 

O`z navbatida, vazir o`rinbosari 2023-2024 yillar davomida JST bitimlariga muvofiqlashtirish maqsadida 24 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani va 40 taga yaqin hujjatlar uyg`unlashtirilishiga erishilganini ta`kidladi. Jumladan, JSTning “milliy rejim” tamoyiliga muvofiq tadbirkorlik subyektlarini hamda intellektual mulk huquqlarini davlat ro`yxatidan o`tkazishda mahalliy va xorijiy shaxslar uchun o`rnatilgan davlat boji miqdorlari birxillashtirildi. 

Bundan tashqari, Adliya vazirligida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg`unlashtirish bo`yicha maxsus boshqarma tashkil etilganidan buyon 700 dan ortiq qonunchilik hujjatlari loyihalari JST qoidalariga muvofiqligi jihatdan ekspertizadan o`tkazilganligi qayd etildi.  

Shuningdek, ilimy hamjamiyat tomonidan bu borada malakali kadrlarni tayyorlash masalalari va zaruriyati hamda oliy ta`lim muassasalarida JST qoidalari bo`yicha kurslarni takomillashtirishga alohida e`tibor berilishi lozimligi ta`kidlandi. 
 

    Boshqa yangiliklar