AsosiyJamiyat

Endi internetda faoliyat yuritayotgan soxta “psixolog”lar qonun bilan tartibga solinadi

'Endi internetda faoliyat yuritayotgan soxta “psixolog”lar qonun bilan tartibga solinadi'ning rasmi

Psixologik yordam ko`rsatishni tartibga solishga qaratilgan “Aholiga psixologik yordam ko`rsatish to`g`risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shaxnoza Xolmaxamatova xabar berdi. 

Uning yozishicha, joylarda o`tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda 2 yoki 3 oylik shubhali kurslarni tamomlagan shaxslar o`zlarini “psixolog” deb tanishtirib, odamlarning qimmatli vaqti va mablag`ini “o`g`irlayotganligi”, bu masalani qonun bilan tartibga solish zaruratiga oid masala tez-tez ko`tarilib turgandi.

"Ko`p millionli auditoriyani o`zida jamlayotgan ijtimoiy tarmoqlarni ham kuzatdik: haqiqatdan ham, 5-6 ta risolani varaqlab chiqib, odamlarning ishonchiga kirib, ularning ruhiy, ma`naviy dunyosiga daxl qilayotgan “psixolog”lar ko`payganini ko`rib turibmiz. Bu mavzuda ilgari ham o`z fikrimni bildirgandim: psixologlar faoliyatiga oid qonunchilikni takomillashtirish shart va zarur. Qonunchilik palatasidagi bir guruh hamkasblarimiz bilan hamkorlikda masalani chuqurroq o`rgandik, mutaxassislar, ekspertlar bilan qayta-qayta uchrashib, muhokamalar o`tkazdik.

Demoqchi bo`lganim, hozircha ilk va muhim qadam qo`yildi, psixologlar faoliyatiga oid huquqiy asos yaratiladi. Qonun loyihasida aks ettirilayotgan normalar va ularning mazmun-maqsadiga keyinroq to`xtalib o`taman", - deydi deputat.

Deputatning ta`kidlashicha, bir necha oylik muttasil izlanishlardan so`ng, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Aholiga psixologik yordam ko`rsatish to`g`risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqilgan. Tez orada loyihani Palataga kiritish rejalashtirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar