O`zbekistonda prezident va tadbirkorlar o`rtasida ochiq muloqotni tashkil etish bo`yicha Respublika komissiyasi hamda hududlardagi tadbirkorlar muammolarini o`rganish va hal etish bo`yicha ekspert ishchi guruhlari tuziladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoevning 30 maydagi qarorida ko`zda tutilgan.
Prezident 2021 yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot formatidagi ilk uchrashuvini o`tkazdi. O`shanda tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq savol va takliflar kelib tushdi. Ular etti yo`nalish bo`yicha tizimlashtirildi, shundan so`ng ushbu muammolarni hal etish bo`yicha prezidentning qator qarorlari qabul qilindi. O`sha yig`ilishda Shavkat Mirziyoev bunday tadbirni har yili o`tkazish va 20 avgustni Tadbirkorlar kuni deb e`lon qilishni taklif etgan edi.
Bosh vazir o`rinbosarlari Jamshid Qo`chqorov va Jamshid Xo`jaev (hamraislar) boshchiligidagi yangi komissiya har yili 15 iyundan avgust oyining ikkinchi yarmigacha bo`lgan muloqotga qadar tadbirkorlardan takliflarni tun-u kun qabul qilishni tashkil etishi shart. Shuningdek, u tizimli muammolarni aniqlash va ularni hal etish bo`yicha takliflar ishlab chiqish bilan shug`ullanadi. Bundan tashqari, uning vazifalariga mahalliy tadbirkorlar muammolarini tezkorlik bilan hal etish kiradi.
Savdo-sanoat palatasiga murojaatlarni qabul qilish va muloqot natijalari bo`yicha qabul qilingan hujjatlar ni e`lon qilish uchun "Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot" elektron platformasini ishga tushirish topshirildi.
Komissiya har yili prezident va biznes vakillari o`rtasidagi muloqot joyini aniqlab beradi. Joriy yilda Qoraqalpog`iston uning o`rni etib belgilandi. Bungacha barcha uchrashuvlar Toshkentda bo`lib o`tgan.
Xorijiy sarmoyadorlar ishtirok etishi kerak bo`lgan xalqaro biznes-forum ham muloqot vaqtiga to`g`ri keladi.
Bundan tashqari, yil oxirigacha O`zbekistonning xorijdagi elchilari ishtirokida "Qoraqalpog`istonda biznes yuriting" dasturi doirasida yirik kompaniyalar brendlarini jalb etish bo`yicha topshiriq berildi.






