2025 yildan O`zbekistonda faoliyat yuritadigan, mobil yoki simli telekommunikasiya tarmoqlariga ega telekommunikasiya operatorlariga sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga o`z tijorat ehtiyojlari uchun to`g`ridan-to`g`ri ulanish huquqi beriladi. Bu prezidentning 4 may kuni O`zAda e`lon qilingan farmonida nazarda tutilgan.
Shuningdek, qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizasiya qilish, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini lisenziyalash tartibi joriy etiladi.
Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2024 yil 1 sentyabrgacha qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizasiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024 yil 1 oktyabrgacha axborot va milliy xavfsizlikning to`liq ta`minlanishini nazarda tutgan holda telekommunikasiya operatorlarining sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga o`z tijorat ehtiyojlari uchun to`g`ridan-to`g`ri ulanishi va bosqichma-bosqich boshqa operatorlarga xalqaro Internet kanallarini tashkil etish bo`yicha xizmatlarni ko`rsatish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Tashqi internet kanaliga monopoliya
Bugungi kunda mamlakatdagi deyarli barcha provayderlar «O`zbektelekom» kompaniyasining Xalqaro paketli kommutasiya markazi orqali internet tarmog`iga ulangan. 2018 yilda 2019−2021 yillarda O`zbekistonni innovasion rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan bo`lib, unda 2020 yil 1 yanvardan tashqi internet-kanali bo`yicha monopoliyani bekor qilish rejalashtirilgandi.






