Joriy yil 3 iyun kuni Zarafshon shahrida yashovchi 34 yoshli X. Xamraeva va uning turmush o`rtog`i A. Ahmadovlar bir yo`la 3 nafar egizakning ota-onasiga aylandi. Bu haqida Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyat filialida go`daklarning sog`lom tug`ilishi uchun barcha zarur shart-sharoit hozirlandi. Kesarcha usulda, asoratsiz tug`uruq amaliyoti natijasida 2555, 2115 va 2055 grammlik 3 nafar, bir nafar qiz va ikki nafar o`g`il chaqaloq dunyoga keldi.
Hozirda go`daklarning ahvoli yaxshi. Ularning parvarishi hamda ona suti bilan oziqlanishi neonatolog-shifokor va hamshiralar nazorati ostida.
Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, bu joriy yil Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyat filialida uch nafar egizaklar tug`ilishi bilan bog`liq ikkinchi holatdir.






