Hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijlik sayyohlar oqimini ko`paytirish chora-tadbirlariga bag`ishlangan yaqinda o`tkazilgan yig`ilishda prezident ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilish bo`yicha topshiriq berdi.
Shavkat Mirziyoev yoshlar o`rtasida ekstremal turizmga qiziqish yildan-yilga ortib borayotganini ta`kidladi. 2023 yilda Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi tadbirkor ikkita havo shari, 10 ta deltaplan va paraplanlar bilan 100 mingga yaqin sayyohni o`ziga tortdi.
Prezidentning so`zlariga ko`ra, Bo`stonliq, Parkent va Aydarko`lda yana 10 nafar tadbirkor ekstremal turizmni rivojlantirish istagida.
Davlat rahbari “Mo`ynoq” aeroportida parashyutda sakrash va havoda sho`ng`ishini tashkil etish orqali ekstremal turizmni rivojlantirishni taklif etdi.
“Buning uchun Turkiya Kappadokiyasidagi kabi alohida havo zonasini yaratish kerak. 2023 yilda Kapadokiyada 600 ming sayyohga havo sharlari xizmati ko`rsatildi, bu esa 100 million dollar daromad keltirdi”, — dedi prezident.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishlari vaziri Aziz Abduhakimov, transport vaziri Ilhom Maxkamov va mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovga bir oy muddatda ikkita hududni tanlab olish va ekstremal turizmni rivojlantirish bo`yicha yangi dasturni qabul qilish topshirildi.






