AsosiyJamiyat

Otabek Nurmatov: Andijondagi bolalar bog`chalarini yopish kerak

'Otabek Nurmatov: Andijondagi bolalar bog`chalarini yopish kerak'ning rasmi

Andijon viloyatida maktabgacha ta`lim tashkilotlarida bolalarni ovqatlantirish holati o`rganilganda ularning ayrimlarida belgilangan talablar asosida tashkil etilmayotgani aniqlandi. Bu masala Senatning Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi majlisida muhokama etildi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi tasarrufida jami 549 ta davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti bo`lib, ularda 122 386 nafar bola tarbiyalanmoqda.

103 ta (18,8 foiz) davlat maktabgacha ta`lim tashkilotida bolalarni ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etilgan bo`lib, 7 ta autsorserlarga oshxonalar ijaraga berilgan. Qolgan 446 ta (81,2 foiz) davlat maktabgacha ta`lim tashkilotida bolalarni ovqatlantirish tuman va shahar maktabgacha va maktab ta`lim bo`limi tomonidan tashkil etilgan.

Senatorlar o`rganilgan davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish Davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida sog`lom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi to`g`risida nizom talablari asosida olib borilmayotgani aniqlandi.

Xususan, Shahrixon tumani 52-sonli davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti binosi eski bo`lib, oshxona tashqi va ichki xonalari to`liq ta`mirtalab, stol, stul va boshqa jihozlar etishmaydi. Oshxona sanitariya-gigiena talablariga javob bermaydi, tozalash ishlari o`tkazilmagan, bolalar uchun idish-tovoqlar etarli emas.

Shuningdek, taom tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli qabul qilish, saqlash uchun zarur sharoitlar yaratilganligi o`rganilganda, Qo`rg`ontepa tumanidagi 2-sonli davlat maktabgacha ta`lim tashkilotida brakeraj komissiyasi tomonidan mahsulotlar qabul qilib olinmayotgani natijasida sifasiz oziq-ovqat mahsulotlari kirim qilingan.

O`rganilgan davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida taomnomalar nizomga zid ravishda, ya`ni 10 kunlik Yagona mavsumiy taomnoma asosida tuzilmagan. Tuzilgan taomnoma Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo`mitasi hududiy bo`limlari bilan kelishilmagan hamda taomnomalarga kiritilgan o`zgartirishlar yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilmagan.

“Senatdan tashkil qilingan ishchi guruh borib ko`rgan maktabgacha ta`lim tashkilotlari ishlashi kerak emas. Ularning faoliyatini shu bugunning o`zida to`xtatish kerak. Olib kelingan mahsulotlar noto`g`ri saqlanib, tomir otib yuborsa, turgan joyida chirisa… Qaysi oshpaz chirigan yo unib ketgan kartoshkani tashlab yuboradi? Albatta ularni bolalarga ediradi”, — degan majlisda so`zga chiqqan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Nurmat Otabekov.

U, shuningdek, idish-tovoqlar etarli emasligini, chetlari siniq holatda ekanini aytib, bolalarning labini, lunjini, tilini kesib olish ehtimoli borligini ham bildirib o`tgan.

Nurmat Otabekov shunday holatlar aniqlangan to`rtta tumandagi mutasaddilarga boshqalarga dars bo`lishi uchun qattiqroq chora ko`rish kerak, degan fikrda.

Majlisda senatorlar tomonidan sohada mavjud muammolarni bartaraf etish bo`yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.Jumladan, jismoniy shaxsni biometrik identifikasiya qilish (Face-ID) tizimi orqali tarbiyalanuvchilar davomatini yo`lga qo`yish hamda shu asosda oziq-ovqat xarajatlarining aniq hisobini yuritish, ovqatlantirishni tashkil etish bo`yicha brakeraj komissiyalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilib olishda tashkilot rahbarlarining mas`uliyatini oshirish, etkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish kabi takliflar berildi.

    Boshqa yangiliklar