Anqara shahridagi Prezident saroyida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`anning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Davlat rahbarlari butun musulmon ummati uchun muqaddas bo`lgan Qurbon hayiti bilan bir-birlarini samimiy qutladilar.
Muzokaralar davomida O`zbekiston bilan Turkiya o`rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, ko`p qirrali hamkorlikni, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Hozirgi ikki tomonlama hamkorlik yuksak sur`atda davom etayotgani, barcha darajalardagi aloqalar va almashinuvlar shiddati mamnuniyat bilan qayd etildi.
O`zaro tovar ayirboshlash va investisiyalar ko`rsatkichlari ortib bormoqda, qo`shma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ko`paymoqda. O`zaro madaniy tadbirlar o`tkazilmoqda.
Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o`tkazilib, uning natijasida sanoat, "yashil" energetika, elektrotexnika, to`qimachilik, farmasevtika, qishloq xo`jaligi va boshqa yo`nalishlarda, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida yangi loyihalarning katta portfeli shakllantirildi.
Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga etkazish, jumladan, Imtiyozli savdo bitimi doirasida mahsulot turlarini kengaytirish vazifasi qo`yildi. Istanbul shahrida O`zbekistonning savdo vakolatxonasini tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishildi.
Davlat rahbarlari raisligidagi O`zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to`g`risida qaror qabul qilingani mamnuniyat bilan ta`kidlandi. Uning birinchi yig`ilishi bugun bo`lib o`tadi.
Qishloq xo`jaligi, suv resurslarini boshqarish va raqamlashtirish sohalarida o`zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish masalalari ham ko`rib chiqildi.
Xavfsizlik va mudofaa, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va muvofiqlashtirish zarurligi ta`kidlandi.
Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Ta`lim, sog`liqni saqlash, turizm va sport sohalarida hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Ikki davlat fuqarolarining bordi-keldisi uchun eng qulay sharoitlarni yaratish zarurligiga alohida e`tibor qaratildi.
O`zbekiston va Turkiya rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalarini, jumladan, Afg`onistondagi vaziyatning rivojlanishini ham ko`rib chiqdilar.






