AsosiyJamiyat

Toshkentda yana bir suv sporti saroyi ochildi

'Toshkentda yana bir suv sporti saroyi ochildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida bunyod etilgan suv sporti saroyini ko`zdan kechirdi. 

O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasiga qarashli mazkur majmua suv sporti rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida qurilgan. E`tiborlisi, bu erda ham professional sportchilar, ham havaskorlar uchun sharoit yaratilgan.

50 metrli basseyn va 500 o`rinli tomoshagohga ega katta zalda xalqaro miqyosdagi musobaqalar, terma jamoamizning o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazish uchun zamonaviy sharoitlar bor. Balandlikdan sakrash va kichik havzalarda bolalar suv sportini o`rganadi. 

Majmuada yoshlar, mehnat jamoalari va faxriylar salomatliklarini mustahkamlashi mumkin. U bir vaqtning o`zida 100 nafar, bir kunda mingdan ziyod aholiga xizmat ko`rsatish quvvatiga ega.

Ikkinchi qavatda ma`muriyat va murabbiylar xonasi, konferensiya zali, trenajyor xonasi hamda sport sharhlovchilari uchun maxsus xonalar joylashgan. 

Majmua negizida Suv sporti maktabi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari bu erda yosh sportchilarning mashg`ulotlarini kuzatdi. Ularning intilishlarini qo`llab-quvvatlab, ulkan yutuqlarga ruhlantirdi.

Bu yil Parij shahrida o`tkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o`yinlariga O`zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasi tizimidan 13 nafar sportchi lisenziya qo`lga kiritgan. Prezidentimiz mazkur sportchilar va murabbiylar bilan suhbatlashdi.

- Shaharu qishloqlarda sport majmualari qurib, uni ommalashtirishga katta e`tibor berayamiz. Chunki sport bilan shug`ullangan yoshlar kam bo`lmaydi, sog`lom bo`ladi, bolalariniyam shunday tarbiyalaydi. Sizdek professional sportchilar bu yo`lda yoshlarga ham iftixor, ham o`rnak bo`ladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

    Boshqa yangiliklar