O`zbekiston tarixda ilk marotaba Xalqaro mehnat tashkiloti Ma`muriy Kengashi a`zoligiga saylandi
So`nggi yillarda mamlakatimizda Davlatimiz Rahbari Sh.Mirziyoev rahbarligida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat munosabatlari xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirildi. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga to`liq barham berildi, munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish xususan, xalqaro mehnat, ishlab chiqarish, texnik, ekologik standartlarni keng tadbiq etish masalalariga katta e`tibor qaratilmoqda.
Bu boradagi ishlar xalqaro hamjamiyat, xususan Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ham e`tirof etildi hamda qator xalqaro anjumanlarda O`zbekiston qisqa muddatlarda yuqori natijalarga erishgan mamlakat sifatida boshqa davlatlar uchun o`rnak bo`lishi ta`kidlanmoqda.
Bugun Jeneva shahrida davom etayotgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasi doirasida bo`lib o`tgan Xalqaro mehnat tashkiloti Ma`muriy Kengashi a`zoligiga saylovlarda Evropa hududidan eng ko`p ovoz to`plab O`zbekiston tarixda ilk marotaba Kengash a`zoligiga saylandi.
Bu o`z o`rnida O`zbekistonning global mehnat siyosatida faol ishtirok etishiga, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda, mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va g`oyalarning ishlab chiqilishida bevosita O`zbekistoning ham faol ishtirok etishiga yangi imkoniyatlarni ochadi.
07.06.2024 22:16
O`zbekiston ilk marotaba Xalqaro mehnat tashkiloti kengashi a`zoligiga saylandi






