Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta`lim muassasalarida ofiser bo`lishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari bo`yicha ta`lim-tarbiya olgan o`g`lonlarning navbatdagi bitiruv tantanalari bo`lib o`tdi. Bu haqida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.
Mamlakatimizdagi eng nufuzli va tayanch oliy harbiy ta`lim muassasa sanalgan Qurolli Kuchlar akademiyasida o`tkazilgan bitiruv tadbirida O`zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, yosh ofiserlarni samimiy qutlab, ularga ta`lim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini e`tirof etdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a`zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham bitiruvchilarga o`zlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.
Shuningdek, ota-onalar, yozuvchi va shoirlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bitiruvchilarni qutlab, ularning kelgusi xizmat faoliyatlarida va shaxsiy hayotlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Bitiruv marosimi turli sahna chiqishlari va konsert dasturlari bilan davom etdi.
Mamlakatimizdagi yana bir nufuzli va tayanch oliy harbiy ta`lim muassasalaridan biri sanalgan Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurtida o`tkazilgan bitiruv tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilindi.
Bilim yurti bitiruvchilariga diplom va ko`krak nishonlarini Mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig`i general-mayor Shuhrat Xalmuxamedov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a`zolari, Qurolli kuchlar faxriylari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlaridan kelgan mehmonlar birgalikda tantanali topshirdilar.
Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasida ham yosh ofiserlarning navbatdagi bitiruviga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi.
Marosimda so`zga chiqqanlar yosh ofiserlarga yangi-yangi dovonlarni zabt etishlarida tolmas kuch-quvvat tilashdi. Leytenantlar ham zimmalaridagi ulkan mas`uliyatni his qilgan holda o`zlariga bildirilgan yuksak ishonchni kelgusidagi munosib faoliyati bilan oqlashga va`da berdilar.
Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida o`tkazilgan bitiruv marosimida belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari bo`yicha ta`lim-tarbiya olgan kursantlar ham qo`llariga diplom va ko`krak nishonlarni olar ekan, muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, berilgan bilim, tajriba va ko`nikmalar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Aloqa harbiy instituti bitiruvchilariga diplom va ko`krak nishonlarini mudofaa vaziri o`rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda tantanali topshirdi.
Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha oliy harbiy ta`lim muassasalarida kursantlarning bitiruv marosimlari yuqori saviyada o`tkazildi. Joylardagi bayramona tadbirlarda yosh leytenantlar tantanali marsh bilan saflarga kuzatildi.






