AsosiyJinoyat

O`zbekistonda narkolaboratoriya tashkil etgan Ukraina va Ozarbоyjon fuqarolari qo`lga olindi

'O`zbekistonda narkolaboratoriya tashkil etgan Ukraina va Ozarbоyjon fuqarolari qo`lga olindi'ning rasmi

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona hamda ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda darakchi.uz ga DXX matbuot xizmati ma`lum qildi.

Xususan, 1998 yilda tug`ilgan Ukraina fuqarosi va 2001 yilda tug`ilgan Ozarboyjon  fuqarosi vaqtincha istiqomat qilayotgan Yuqori Chirchiq tumanidagi xonadonda 411 gr. “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi, 7 kg.ga yaqin yarim tayyor narkotik moddalar hamda 237 kg. prekursorlar borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ma`lum bo`lishicha, ular ushbu manzilda yashirin narkolaboratoriya tashkil etib, xorijdan keltirilgan xomashyolar yordamida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug`ullanishgan. 

Sergeli tumanida qayd etilgan holatda, qo`shni respublikadan xalqaro yo`lovchi tashuvchi avtobus orqali yuborilgan 4 kg. 799 gr. “Alfa-PVP” sintetik narkotikni qabul qilib olgan vaqtida mazkur tumanda yashovchi, 1985 y.t. shaxs qo`lga olindi. 

Aniqlanishicha, u “Telegram” messenjerida faoliyat yurituvchi  narkodo`kon uchun ombor vazifasini bajarib kelgan.

Boshqa holatda esa, Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1999 yilda tug`ilgan shaxs o`zining yashash xonadoni yaqinida joylashgan elektr transformatori ostiga kelgusida sotish maqsadida 584 gr. “gashish” moddasini yashirib qo`yganligi aniqlanib, ushbu giyohvandlik vositasi prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Mazkur fuqaro “Telegram” messenjerida narkodo`kon tashkil qilib, xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug`ullangan. 

Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qonunbuzarlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar