1

Ikki viloyatda 25,8 kg. “gashish” giyohvandlik vositasi musodara qilindi

Jamiyat 29.06.2024, 14:44
Ikki viloyatda 25,8 kg. “gashish” giyohvandlik vositasi musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, tojikistonlik narkosavdogar aylanma yo`llar orqali yuborgan 11 kg. 942 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, Sho`rchi tumanidagi to`yxona yaqinida joylashgan simyog`och ostiga yashirib ketmoqchi bo`lgan vaqtlarida, o`zaro qarindosh hisoblangan, 1999 y.t. 2 nafar mahalliy fuqaro qo`lga olindi.  
Shuningdek, ular ajal og`usini belgilangan joyga qoldirib ketganlaridan so`ng, uni boshqa shaxs olib ketishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va giyohvandlik vositasini xufiya joydan olish uchun kelgan Uzun tumanida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro ham ushlandi. 

(Ta`kidlash lozimki, biroz avvalroq Tojikiston Respublikasining Tursunzoda tumanida yashovchi, 1979 y.t. Tojikiston fuqarosi mamlakatimizga kontrabanda yo`li bilan olib kelingan 3 kg. 980 gr. “opiy” moddasini Sho`rchi tumanida xaridorga 17500 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganligi to`g`risida xabar bergan edik.) 
Shu tariqa o`zbek-tojik davlat chegarasining Sho`rchi yo`nalishidagi narkokanal faoliyatiga chek qo`yildi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda esa “Qo`qon-Farg`ona” yo`nalishida harakatlanayotgan “Treker” rusumli avtotransport vositasi Bog`dod tumanida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, unda Farg`ona shahrida yashovchi, 1974 va 1988 yillarda tug`ilgan 3 nafar shaxs 11 kg. 966 gr. “gashish” moddasini olib ketayotganliklari aniqlanib, prosesssual tartibda rasmiylashtirib olindi. 
Shuningdek, ularni boshqa avtomashinada kuzatib borayotgan va giyohvandlik vositasining haqiqiy egasi bo`lgan, Farg`ona shahrida yashovchi, 1990 va 1993 yillarda tug`ilgan er-xotin ham qo`lga olindi. 

Ta`kidlash lozimki, mazkur er-xotin muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog`liq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi. 
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan olib kelingan ajal og`usini Qo`qon shahrida yashovchi, 1986 y.t. ayoldan sotib olganliklari aniqlanib, u ham prosessual tartibda ushlandi. 

Boshqa holatda esa “Qo`qon-Marg`ilon” yo`nalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi Qo`shtepa tumani hududida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Qo`qon shahrida yashovchi, 1997 y.t. ayolga tegishli 1 kg. 941 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.  
Tojikistondan keltirilgan mazkur giyohvandlik vositasi ham yuqoridagi holatda ko`rsatilgan, ya`ni Qo`qon shahrida yashovchi, 1986 y.t. ayolga tegishli bo`lib, uni Marg`ilon shahriga sotish uchun olib ketayotgan bo`lgan. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1