Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bayonotiga ko`ra, so`nggi oylarda dunyoning qator mintaqalarida vabo epidemiyasi keskin kuchaya boshladi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.
Xususan, may oyida 46 mingdan ortiq kishiga ushbu xavfli kasallik tashxisi qo`yilgan va bu aprel oyiga nisbatan 58 foiz yuqori ko`rsatkichdir.
Epidemiya o`choqlari 19 mamlakatda qayd etilgan. May oyida ro`yxatga olingan bemorlar soni – 46,4 ming nafardan ziyod. Ularning 185 nafari xastalik oqibatida hayotdan ko`z yumgan.
Yuqori o`sish dinamikasi asosan Sharqiy O`rta er dengizi mintaqasi hissasiga to`g`ri kelmoqda. Afg`onistonda 13 ming nafardan ortiq, Pokistonda esa 13 mingga yaqin yangi holat qayd etilgan.
Umuman, joriy yil boshidan buyon sayyoramiz bo`yicha qariyb 195 ming odam ushbu xastalikni yuqtirgani aytilmoqda. Epidemiya qurbonlari soni 1,9 ming nafardan oshgan.
Shu sababli JSST vaboning dunyo bo`ylab tarqalish xavfini yuqori deb baholadi va 2023 yil yanvar oyidan 2024 yil mayigacha vaksinalarga bo`lgan talab ikki barobar oshganini ma`lum qildi.