Ekologiya vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktor birinchi o`rinbosari Timurlan Aytmuratov Shveysariyaning Jeneva shahrida bo`lib o`tgan "Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo`q qilib yuborish ustidan nazorat qilish to`g`risida" Bazel konvensiyasi ochiq ishchi guruhining 14-yig`ilishida ishtirok etdi.
Tadbirdan maqsad elektron chiqindilar, chiqindi qo`rg`oshinli akkumulyatorlar, ishlatilgan va chiqindi pnevmatik shinalar bo`yicha texnik ko`rsatmalarni qayta ko`rib chiqish hamda Bazel konvensiyasi hamkorlik dasturini muhokama qilishdan iborat.
Ma`lumot ochun, O`zbekiston mazkur konvensiyaga O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 22 dekabrdagi 188-I-sonli “Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo`q qilib yuborish ustidan nazorat qilish to`g`risidagi Bazel Konvensiyasiga qo`shilish haqida”gi qaroriga asosan qo`shilgan.
Tadbirda Bazel konvensiyasi ijrochi kotibi Mr. Rolph Paet bilan uchrashuv o`tkazilib, O`zbekistonda plastik chiqindilarni boshqarish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va kelgusidagi rejalar haqida fikr almashildi. Shuningdek, Bazel konvensiyasi doirasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga ham e`tibor qaratildi. Shuningdek, boshqa mamlakatlarning xavfli chiqindilarni boshqarish sohasidagi ilg`or tajribalari o`rganildi.
Seminar doirasida yurtimizda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
— Bazel konvensiyasi bo`yicha konferensiyalar doirasida qabul qilingan texnik ko`rsatma va tavsiyalardan kelib chiqib, Ekologiya vazirligi tomonidan amaldagi milliy me`yoriy hujjatlarga o`zgartirish kiritish, jumladan, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish;
— O`zbekistonda plastik chiqindilar hosil bo`lishi yuzasidan xatlov ishlarini tashkil etish, mahalliy konsultantlarni jalb qilgan holda milliy qonunchilikni ko`rib chiqish va plastik chiqindilarni boshqarish sohasida mavjud holat, muammo va amalga oshirilishi lozim bo`lgan tadbirlar bo`yicha hisobot loyihasi tayyorlash;
— Plastik, ishlatilgan avtoshinalar, akkumulyator, elektron va tibbiy chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni yo`lga qo`yish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
— Chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish sohasida ekologik madaniyat va dunyoqarashni yuksaltirish, ta`lim tizimlarida mazkur sohada amalga oshirilayotgan o`zgarishlar to`g`risida xabardor qilib borish tizimini yo`lga qo`yish.






