Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Chegara qo`shinlari va "Toshkent-Aero" IBK harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Hindistondan Qozog`iston orqali mamlakatimizga katta miqdordagi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy olib kelish bilan shug`ullangan transchegaraviy jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Xususan, jinoiy guruh tomonidan navbatdagi dori vositalari "Dehli-Toshkent-Olmaota" aviayo`nalishi orqali tranzit tarzda "Olmaota" xalqaro aeroportiga olib kelinib, Qozog`istonning Turkiston viloyati Sariyog`och tumani "Do`stlik" aholi yashash punktiga etkazilgan va yashirin erosti yo`li orqali Toshkent viloyatining Toshkent tumani "O`rikzor" MFY hududiga o`tkazilgan.
Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh a`zolaridan jami 1 mlrd 94 mln 342 ming so`mlik, Hindistonda ishlab chiqarilgan Albumin, Remdesivir, Meropenem kabi jami 107 nomdagi 17 048 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ta`kidlash lozimki, 1975 y.t. fuqaroning Toshkent tumani "O`rikzor" MFYdagi uyini Qozog`istonning Sariyog`och tumani "Do`stlik" aholi yashash punkti bilan bog`lovchi erosti yo`lining uzunligi 310 metrni tashkil etadi.
Erosti yo`li havo ventilyasiyasi, yoritish tizimi, yuklarni tashishga mo`ljallangan aravalar va arqonlar bilan jihozlangan.
Hozirda holat yuzasidan jinoiy guruh a`zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






