Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, davlat oliy ta`lim muassasalari magistraturasiga qabul abiturientning bakalavriat diplom bali o`rtacha ko`rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo`yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida bajariladi. Bunda, ballar ketma-ketligiga qat`iy rioya qilinadi hamda qo`shimcha imtihon o`tkazilmaydi.
Magistraturaga qabul qilish belgilangan qabul kvotalari doirasida ballar ketma-ketligiga qat`iy rioya qilgan holda Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat komissiyasining oliy ta`lim muassasalari magistraturasiga qabul qilish to`g`risidagi qarori joriy yil 20 avgustga qadar tasdiqlanishi belgilangan.
Shuningdek, joriy yil oliy va professional ta`lim muassasalariga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o`tkazilishi belgilangan. Shunga ko`ra, dastlab kasbiy/ijodiy imtihonlar 53 ta oliy ta`lim muassasasida 5–19 iyul kunlari o`tkazilishi tasdiqlandi. Ya`ni, ertadan boshlab belgilangan oliy ta`lim muassasalarida sport, san`at, jurnalistika kabi alohida iqtidor talab etadigan yo`nalishlarda kasbiy/ijodiy imtihonlar boshlanadi.
Bilimni baholash agentligi tomonidan o`tkaziladigan test sinovlarining sanasi bo`yicha ma`lumot rasman tasdiqlangandan so`ng vazirlikning rasmiy sahifalari orqali qo`shimcha xabar beriladi.
Imtihonga kechikish mumkin emas. Imtihonlarning boshlanish aniq vaqti abiturient ruxsatnomasida yozilgan bo`ladi. Shu bois, abiturientlardan ruxsatnomada belgilangan muddat va manzilga imtihon boshlanishidan bir soat oldin etib borishi so`raladi.






