AsosiyJinoyat

Toshkentda YPX inspektorini mashinasida sudragan haydovchi 15 sutkaga qamaldi

U xodimning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirib, bir necha qoidabuzarliklar sodir etgan.

'Toshkentda YPX inspektorini mashinasida sudragan haydovchi 15 sutkaga qamaldi'ning rasmi

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida xizmat olib borayotgan YPX xodimi talablariga bo‘ysunmagan fuqaroga chora ko‘rildi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, inspektor 13 iyul kuni davlat raqamisiz harakatlanib kelayotgan transport vositasini to‘xtatgan. Biroq haydovchi to‘xtamay, voqea joyidan ketib qolgan, so‘ngra inspektor uning orqasidan kuzatib borgan.

Jarayonda haydovchi bir necha marta ogohlantirilgan, shunga qaramasdan, u svetoforning taqiqlovchi chiroqlariga amal qilmay, yo‘lning qarama-qarshi qismiga chiqib, xavfli "manyovr"lar qilgan holda yo‘lida davom etgan.

"Yangihayot tumaniga kelib haydovchi piyodalar o‘tish joyida to‘xtadi. Undan mashinadan tushishini talab qildim, ammo haydovchi bunga ham bo‘ysunmasdan mashinasini menga qarata harakatlantirdi va 400−500 metrcha kapot qismida harakatlanib bordim", — dedi YPX xodimi Shohrux Bobomurodov.

Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida haydovchi to‘xtatilib, sodir etgan qoidabuzarligi uchun hujjatlar qonuniy tartibda rasmiylashtirilgan. Hodisa oqibatida xodim chap oyoq bo‘g‘imlari lat yeyishi jarohatini olgan. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

"Mashinada hujjatlar to‘liq emasdi. Mashinani xodimga topshirmasdan, o‘zim harakatlanib qochib ketdim. O‘zbekiston qonunlarini hurmat qilib, xodimlarga bo‘ysunib, har doim talab qilgan vazifalarini bajarish kerak ekan. Qilgan ishimdan afsusdaman", — dedi haydovchi.

Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi tomonidan qoidabuzar haydovchiga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Boshqa yangiliklar