Yanvar–iyul oylarida mamlakatga 983,7 million dollarlik tabiiy gaz import qilindi. O‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkich esa 201 million dollarga teng bo‘lgan. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga iyul oyida 174,2 million dollarlik gaz import qilindi. Bu 2023 yil iyuliga nisbatan 174 baravar ko‘p. Ya’ni o‘tgan yilning iyul oyida xorijdan 1 million dollarlik gaz sotib olingan.
Joriy yil yanvar–iyul oylarida mamlakat jami 983,7 million dollarlik tabiiy gaz import qilgan. 2023 yil mos davrida bu ko‘rsatkich 201 million dollarni tashkil etgan. Ya’ni gaz importiga 7 oylik xarajat o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan qariyb 5 baravar ko‘proq.
Statistik raqamlarga qaraganda, joriy yilda O‘zbekiston gaz importiga quyidagi miqdorlarda mablag‘ sarflangan:
- Yanvarda — 35,6 million dollar;
- Fevralda — 131,1 million dollar;
- Mart — 193,6 million dollar;
- Aprel — 102,6 million dollar;
- May — 108,4 million dollar;
- Iyun — 166,3 million dollar.
O‘zbekiston Rossiyadan gaz importi hajmini oshira boshlagach, joriy yilda gazni xorijdan sotib olish miqdori rekord darajada ortishi mumkinligi prognoz qilingandi. O‘tgan 7 oylik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, bu prognoz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Taqqoslash uchun, butun 2023 yil davomida respublika 694,9 million dollarlik, 2022 yilda esa 281,9 million dollarlik gaz import qilgandi.