AsosiyJamiyat

O‘zbekistonda OIIB bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda

Loyihalar infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarini qamrab olgan.

'O‘zbekistonda OIIB bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda'ning rasmi

O‘zbekiston prezidenti barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining hissasini yuqori baholaydi.

Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishida Bank bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda

“Mamnuniyat bilan aytishim kerakki, bularning hisobidan O‘zbekiston bankning top-10 ta hamkoridan biriga aylandi. 

Misol uchun, Bank bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha 720 million dollarlik loyiha qariyb 1,5 million aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlaydi. Yoki “Buxoro – Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasini ishga tushirish natijasida Xiva shahriga yiliga qo‘shimcha 1 million turist jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

Ta’kidlash kerakki, shu kunlarda Bank bilan kelgusi uch yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik”,
 - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirayotgan va keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab kelayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyunga, Bankka a’zo davlatlar hukumatlari va boshqaruvchilariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, anjumanda ishtirok etayotgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki hamda yirik kompaniya va investorlarga o‘zining alohida hurmat va ehtiromni izhor etdi.

“Kelgusi ikki kunda Bank boshqaruvchilari oldida juda muhim global va mintaqaviy muammolarga zamonaviy yondashuvlar asosida yechimlar topish, yangi loyiha va dasturlarni muhokama qilish kabi mas’uliyatli vazifalar turibdi.

Sizlar qabul qiladigan qarorlar Bankka a’zo mamlakatlarda yashaydigan 6 milliarddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi.

Ushbu ulkan vazifalarni amalga oshirishda sizlar o‘zingizning chuqur bilim, boy tajriba va kuch-g‘ayratingizni ayamaysizlar, deb ishonaman”,
 - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida.

    Boshqa yangiliklar