Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari F.Tashpulatov tibbiyotda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida xizmat safari bilan Turkiyada bo‘ldi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida Istanbul shahrida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya doirasida Turkiyaning ko‘p tarmoqli shifoxonalarni boshqarish bilan nom qozongan “Sam Yapi Group” kompaniyasi rahbari bilan G2B formatda uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda kompaniya faoliyati, Turkiya va boshqa xorij davlatlarida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, komaniya rahbari kelgusida davlat-xususiy sheriklik asosida yurtimizning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida gemodializ markazlarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sam Yapi Group” kompaniyasi o‘rtasida ushbu loyiha bo‘yicha qiymati 10 mln AQSH dollarilik anglashuv memorandumi imzolandi.