Pedagogika oliy ta'lim muassasalarining maktabgacha ta'lim yo'nalishi bo'yicha dual ta'lim shaklidagi bakalavriatga hujjat qabul qilish jarayoni yakunlanishiga bir kun qoldi.
Ma'lum qilinishicha, 2026–2027 o'quv yili uchun maktabgacha ta'lim yo'nalishida bakalavrlarni dual ta'lim shaklida (1+5) tayyorlash dasturiga ro'yxatdan o'tish jarayonlari davom etmoqda.
Arizalar 25 iyun kuni ham qabul qilinadi va shu sanada ro'yxatdan o'tish yakunlanadi.
Mazkur dasturda maktabgacha ta'lim tashkilotlarida kamida uch yil mehnat stajiga ega bo'lgan o'rta maxsus ma'lumotli xodimlar ishtirok etishi mumkin.
Nomzodlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasida ro'yxatdan o'tish imkoniyatiga ega.
Qayd etilishicha, dual ta'lim shakli nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg'unlashtirgan holda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.






