AsosiyDUNYO

Fransiyada Ebola virusi bilan bog‘liq ilk holat tasdiqlandi

Hozirda bemorning ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.

'Fransiyada Ebola virusi bilan bog‘liq ilk holat tasdiqlandi'ning rasmi

Fransiyada Ebola virusini yuqtirish bilan bog‘liq birinchi holat rasman qayd etildi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib, Zamon.uz nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, xavfli virus Kongo Demokratik Respublikasida gumanitar missiya tarkibida faoliyat yuritgan shifokorda aniqlangan. U Fransiyaga qaytgach, tahlil natijalari tasdiqlanishidan oldin ham ehtiyot chorasi sifatida yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.

Hozirda bemorning ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Fransiya sog‘liqni saqlash idoralari tomonidan epidemiologik tekshiruv boshlangan. Bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar aniqlanib, ularga 21 kun davomida tibbiy kuzatuv ostida bo‘lish hamda o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish tavsiya etilgan.

Xabarlarga ko‘ra, mamlakat Bosh vaziri Sebastyan Lekornyu vaziyatni shaxsiy nazoratga olgan. Fransiya hukumati sog‘liqni saqlash tizimi xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi tezkor va samarali choralar ko‘rish imkoniyatiga ega ekanini ta’kidlagan.

Ebola virusi yuqori o‘lim ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan gemorragik isitma kasalligi hisoblanadi. Ayni paytda Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy hududlari, xususan Ituri viloyati kasallikning asosiy o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 900 dan ortiq tasdiqlangan holat qayd etilgan bo‘lib, 200 dan ziyod bemor vafot etgan. Kasallik Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu viloyatlariga, shuningdek, qo‘shni Uganda hududiga ham tarqalgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola tarqalishini xalqaro miqyosda tashvish uyg‘otuvchi sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyat sifatida baholab, vaziyat ustidan monitoringni kuchaytirgan.

    Boshqa yangiliklar