O'zbekistonda korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar uchun jazo choralari yanada qat'iylashtirildi. Endilikda pora olish, pora berish, firibgarlik yoki o'zlashtirish va rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish kabi jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslar ayrim hollarda jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmaydi.
Bu haqda joriy yilning 22 iyun kuni qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlashga qaratilgan qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish to'g'risida"gi Qonunda belgilangan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksining bir qator moddalariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Xususan, Kodeksning 73-moddasiga qo'shilgan yangi normaga muvofiq, o'zlashtirish yoki rastrata qilish yo'li bilan talon-toroj qilish hamda firibgarlik uchun hukm qilingan shaxslar yetkazilgan zararni to'liq qoplamaguniga qadar muddatidan ilgari shartli ozod etilishi mumkin emas.
Shuningdek, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, yoxud juda ko'p miqdorda pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun sudlanganlarga nisbatan ham mazkur imtiyoz qo'llanilmaydi.
Ma'lum qilinishicha, Oliy Majlis Senati tomonidan joriy yilning 25 may kuni ma'qullangan mazkur qonun 22 iyun kuni Prezident tomonidan imzolanib, rasman e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirgan.






