1 oktyabr kuni AQSHning "Cintana Education" kompaniyasi va "Times Higher Education" reytingida 182-o‘rinni egallab kelayotgan Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universitetining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur universitet oliy ta’lim sohasiga yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribasini joriy etish ishlarini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, muhandislik, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun oliy ma’lumotli kadrlarni xalqaro standartlar darajasida tayyorlashga qaratilgan.
2024/2025 o‘quv yilida Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universitetida Xalqaro savdo va Dasturiy muhandislik yo‘nalishida bakalavr bosqichida o‘qish tashkil etiladi.
Keyinchalik o‘quv dasturlari kengaygani sari OTM Arizona davlat universitetining diplomlaridan tashqari AQSHning boshqa yetakchi universitetlari diplomlarini berishi mumkin bo‘ladi.