AsosiyDunyo

Turkiyada 5,9 magnitudali zilzila yuz berdi

Xavfsizlik choralari sifatida maktablar bir kunga yopilgan.

'Turkiyada 5,9 magnitudali zilzila yuz berdi'ning rasmi

Turkiyaning Malatya viloyatida 5,9 magnitudali zilzila yuz berdi.

Turkiya hukumati qoshidagi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) saytida ma’lum qilinishicha, yer silkinishlari mahalliy vaqt bilan soat 10.46 da qayd etilgan.

Zilzila epitsentri Kale shahrida joylashgan.

Fuqarolar shosha-pisha uylari va idoralarini tark etib, yaqin atrofdagi bog‘ va maydonlarga to‘planishdi.

Yer silkinishlari Shanliurfa, Adiyaman, Kilis, Gaziantep va Qahramanmaras viloyatlarida ham sezilgan.

Kaledagi bir qator shikastlangan binolar qurshab olinib, kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Malatya viloyati gubernatori Seddar Yavuz qurbonlar haqida ma’lumot yo‘qligini aytdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda qulagan bino tasvirlarini ham ko‘rdik, ammo bu eski fotosuratlar, keyin biz nazorat ostida buzishni amalga oshirdik. Shuning uchun fuqarolardan vahima qo‘zg‘ashi mumkin bo‘lgan yolg‘on suratlarni tarqatmaslikni so‘raymiz”, — dedi u.

Yavuz, zilziladan keyin tekshiruv olib borilayotganini, qurbonlar, tan jarohati olganlar yoki vayronagarchiliklar haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligi, odamlar shunchaki qo‘rqib ketganini qayd etdi.

Shu bilan birga, gubernator fuqarolarni avval evakuatsiya qilingan avariyali binolarga yaqinlashmaslikka chaqirdi.

Xavfsizlik choralari sifatida maktablar bir kunga yopilgan.

AFAD hududiy boshqarmasi rahbari Ali Altyndal qurbonlar va vayronalar haqida ma’lumot yo‘qligini tasdiqlagan.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Yerlikaya zilzila natijasida Malatyada bir, Shanliurfa va Elazig‘da bir bino qisman qulaganini, qurbonlar va moddiy zarar yo‘qligini ma’lum qildi.

Shoshilinch tibbiy yordam markaziga 374 ta murojaat kelib tushgan, 33 ta holatda fuqarolar yordam so‘ragan, deya qo‘shimcha qilgan vazir.

    Boshqa yangiliklar