AsosiyDunyo

2050 yilgacha Yer yuzida 60 yosh va undan kattalar soni ikki barobar oshadi

JSST sayyora aholisi o‘rtasida keksa yoshli kishilar ulushi bilan bog‘liq tahliliy ma’lumotlarni e’lon qildi.

'2050 yilgacha Yer yuzida 60 yosh va undan kattalar soni ikki barobar oshadi'ning rasmi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sayyoramiz aholisi o‘rtasida keksa yoshli kishilar ulushi bilan bog‘liq tahliliy ma’lumotlarni e’lon qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

Unda qayd etilishicha, dunyoda odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi yil sayin oshib bormoqda. Xususan, 2030 yilga kelib, 60 va undan katta yoshli odamlar Yer yuzi aholisining oltidan bir qismini tashkil qilishi kutilyapti.

Masalan, 2020 yilda ular soni 1 milliard nafardan iborat edi. 2030 yilda bu ko‘rsatkich 1,4 milliard kishiga yetishi prognoz qilingan. 

2050 yilgacha esa 60 va undan katta yoshdagi aholi miqdori ikki baravar ko‘payadi, ya’ni 2,1 milliard kishiga ko‘tariladi. O‘z navbatida, 2050 yilgacha 80 yosh va undan kattalar soni uch baravar oshib, 426 million nafarga yetadi.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, ushbu tahlillar jahon bo‘yicha aholi tarkibida keksalar ulushi oshib borayotganini tasdiqlaydi. Mazkur jarayon, ayniqsa, taraqqiy etgan mamlakatlarda tezlashgan.

Masalan, Yaponiyada 60 yoshdan oshgan odamlar allaqachon aholining 30 foizini tashkil qilmoqda. 

Past yoki o‘rta daromadli mamlakatlarda ham 2050 yilgacha 60 yoshdan kattalar aholining uchdan ikki qismiga yetishi taxmin qilinmoqda. 

Bu ko‘rsatkichlar kelgusida sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot tizimlarini ushbu demografik o‘zgarishlarga tayyorlash vazifasini kun tartibiga qo‘yadi. 

    Boshqa yangiliklar