AsosiyJamiyat

Toshkent shahri va viloyatidagi havoni ifloslantiruvchi korxonalar tekshiriladi

Bosh prokuratura aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha keskin va murosasiz chora ko‘radi.

'Toshkent shahri va viloyatidagi havoni ifloslantiruvchi korxonalar tekshiriladi'ning rasmi

Bosh prokuratura Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havoni ifloslantiruvchi korxonalar tekshirilayotganini ma’lum qildi.

Tahlillarda I va II toifaga kiruvchi, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan sanoat korxonalarida 2024 yilda belgilangan zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish ishlari paysalga solinayotgani, shu jumladan, Toshkent viloyatida 27 ta korxonadan 19 tasida, Toshkent shahrida esa 31 ta korxonadan 8 tasidagina bu ishlar amalga oshirilgani aniqlangan.

“Bosh prokuratura tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari alohida nazoratga olinishi hamda ular bo‘yicha keskin va murosasiz choralar ko‘rib borilishi qat’iy ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

Prokuratura organlari  “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun, prezidentning tegishli farmonlari va topshiriqlari hamda sohaga oid boshqa qonun hujjatlarining ijrosi, atmosferaga chiqarilayotgan zararli tashlamalar miqdorini kamaytirish va atmosfera havosining holatini yaxshilashga asosiy e’tiborni qaratgan holda 2024 yilning sentyabridan boshlab respublika bo‘yicha rejaviy tekshirish tadbirlari o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tekshirishlar Ekologiya, Sog‘liqni saqlash, Transport, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda bevosita Bosh prokuratura tomonidan 22 oktyabr kunidan boshlab amalga oshirila boshlangan.

    Boshqa yangiliklar