Toshkentda o‘g‘il bolaga qizlar kiyimini kiydirgan tarbiyachi ishdan olindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmaniga Toshkent shahar Yunusobod tumanida yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushgan.
Fuqaro o‘z murojaatida Mirobod tumani MTTda tarbiyachi o‘g‘liga qizlar kiyimini kiydirib, lab va yuzlarini bo‘yaganini hamda ayollar raqsini ijro ettirganini bayon etgan.
Bolaning otasi tarbiyachi bu bilan o‘g‘lining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgani, voqeadan Telegram orqali kelgan foto va video tasvirlardan xabar topganligini bildirib, bolasining buzilgan huquqlari tiklanishida yordam so‘ragan.
Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida mazkur holat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu tadbirni ashkilashtirgan tarbiyachi X.Q. sahna xususiyatlari yuzasidan otadan ruxsat olmagani aniqlanib, unga nisbatan Mehnat Kodeksining 157-moddasi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.