Toshkent Invest kompaniyasi 31 oktyabrdan boshlab poytaxtga to‘rtta kirish darvozasining eskiz loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ochiq xalqaro tanlovni boshlaydi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahriga kiruvchi darvozalar shaharning Rohat, Bektemir, Erkin va Uchqahramon postlari hududida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
"Ushbu loyiha zamonaviy va an’anaviy g‘oyalar uyg‘unlashgan holda Toshkentni o‘zgartirish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ladi. Biz shu yilning o‘zida qurilish ishlarini boshlashni rejalashtirganmiz va sizning ijodiy kuch-g‘ayratingiz hamda g‘oyalaringiz ushbu o‘zgarishlarning asosiga aylanishi mumkin", — deyiladi xabarda.
Tanlovda o‘zbekistonlik va xorijlik barcha ishtirokchilar qatnashishi mumkin.
Siz ijodiy jamoalarga qo‘shilishingiz, O‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirok etadigan guruhlar tuzishingiz mumkin, deya ta’kidlamoqda kompaniya.
Tanlov bo‘yicha muhim sanalar:
- 31 oktyabr — arizalarni qabul qilish boshlanishi;
- 7 noyabr — arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati;
- 11 noyabr — finalchilar e’lon qilinishi;
- 30 noyabr — tanlov g‘olibini e’lon qilish.
Ishtirokchi bo‘lish uchun 2024 yil 7 noyabrdan kechiktirmay tanlovning info@tashkentinvest.com elektron manziliga ariza yuborish lozim.
Tanlov YUNESKO tavsiyalariga muvofiq o‘tkaziladi va g‘oliblar quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
- birinchi o‘rin — 100 million so‘m;
- ikkinchi o‘rin — 50 million so‘m;
- uchinchi o‘rin — 30 million so‘m.