AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika va investitsiya vazirlarini qabul qildi

Prezident uchrashuvlarda "yashil" energetika, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, issiqlik va suv ta’minoti, qishloq va uy-joy kommunal xo‘jaligi kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish muhimligini ta’kidladi.

'Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika va investitsiya vazirlarini qabul qildi'ning rasmi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni Ar-Riyod shahrida o‘tkazilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammiti doirasida Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud va investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi.

Qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va "yashil" energetika sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston energetika sohasini to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgan yetakchi "ACWA Power" kompaniyasi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Mamlakatimiz hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, "yashil" vodorod ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonda mahalliylashtirish va korxonalar energiya samaradorligini oshirish jarayonlariga Saudiya Arabistoni kompaniyalari va maslahatchilarini jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, kooperatsiya ko‘lami va aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Joriy yil yakuni bilan yurtimizga Saudiya Arabistoni kompaniyalarining qariyb 2,5 milliard dollarlik investitsiyalari jalb etilishi kutilmoqda.

"Yashil" energetika, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, issiqlik va suv ta’minoti, qishloq va uy-joy kommunal xo‘jaligi kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligi qayd etildi.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar