Energiya resurslaridan qarzdorlikni yo‘q qilib berishni va’da qilgan gazchi va hisobchi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi hamda DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bulung‘ur tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mahallada ishlash xizmati gazchisi S.X. fuqaro M.B.ning xonadonida ko‘rik davomida tabiiy gaz ta’minotidan aniqlangan 1,6 mln so‘m zararni 14 mln so‘m ekanligini aytib, go‘yoki ushbu zarar miqdorini kamaytirib berishi evaziga M.B.dan 4,4 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Olmaliq shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmaliq shahar ETK hisobchisi Z.A. fuqaro D.N.ning “Do‘stlik” MFYdagi uyining elektr ta’minotidan 5 mln so‘m qarzdorligini yo‘q qilib berishi evaziga 3 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.