Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalariga fuqarolardan boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) va ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan norozilik bildirilgan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylarida Qo‘mitaga uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, qurilish va transport sohasida iste’molchilardan jami 8434 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, bulardan 380 tasi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasiga to‘g‘ri keladi.
Murojaatlar o‘rganilganda boshqaruv organlari tomonidan mulkdorlarning umumiy yig‘ilishlarni o‘tkazilmasligi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar ochiq taqdim etilmasligi va hisobotlar bilan tanishish uchun onlayn imkoniyatlarning mavjud emasligi shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun asossiz qarzdorliklar hisoblanayotganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar jarayonida shartnomalarda belgilangan qonunchilik normalariga mos kelmaydigan yoki iste’molchining huquqini cheklab qo‘yuvchi bir nechta shartlarni kiritgan quyidagi Boshqaruv servis kompaniyalari aniqlangan.
Misol tariqasida Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida “Lochin-Sanjar BK” MCHJning shartnoma shartlarida majburiy badallarni to‘lashda muddatdan kechiktirganlik uchun 0,1 foiz miqdorida jarima qo‘llanishi, biroq kompaniya o‘z majburiyatlarini muddatida bajarmaganlik uchun hech qanday javobgarlik belgilanmaganligi nazarda tutilganini keltirib o‘tish mumkin.
Bunday holatlar Toshkent viloyatining “Ascent Gold Story” MCHJ, Qashqadaryo viloyati "Omad paxtazor kommunal PBK" MCHJ, Sirdaryo viloyatida “Istiqlol kommunal xizmat ta’mir” MCHJ, Samarqand viloyatida "Nurafshon tashabbusi” MCHJ va “Afrosiyob Maroqand BSK” MCHJ va “Pastdarg‘om kommunalchi” MCHJlarida ham kuzatilgan.
Farg‘ona viloyatida faoliyat yurituvchi “Xumo Turon” MCHJ shartnomasida esa 3 oy mobaynida to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda elektr energiyasi, gaz va suv ta’minotidan uzib qo‘yilishi qayd etilganini ham keltirib o‘tish mumkin. Amaldagi qonunchilikka asosan BSKlarga kommunal ta’minotlardan uzib qo‘yish vakolati berilmagan.
Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida yashovchi fuqaroning “Ascent Gold Story” MCHJ boshqaruv servis kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash bo‘yicha tuzilgan shartnomada BSK o‘z majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganlik natijasida yetkazilgan zarar Davlat tomonidan qoplab berilishi to‘g‘risida asoslanmagan shart belgilangan.