16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida bir guruh yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlarga “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni topshirildi.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari ishtirok etgan.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, senator Sodiqjon Turdiyev, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov kabi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarga hissa qo‘shib kelayotgan tashkilotlar vakillari va faollar ham mazkur mukofot bilan taqdirlandi.
Ushbu ko‘krak-nishoni diniy-ma’rifiy sohaning samaradorligini oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini ta’minlash, dinlararo va konfessiyalararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga hissa qo‘shgan shaxslarni taqdirlash maqsadida ta’sis etilgan.