Namangan viloyatida ota-bolalar is gazidan zaharlanib, vafot etdi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov darakchi.uz’ga ma’lum qilishicha, holat kecha, 18 noyabr kuni soat 7:30 larda Pop tumani “Iskovut” MFY Qo‘rg‘ontepa ko‘chasida sodir bo‘lgan.
1988 yilda tug‘ilgan A.B. (erkak) voyaga yetmagan farzandlari 2014 yilda tug‘ilgan O.A. hamda 2010 yilda tug‘ilgan A.A. yashash xonadonida isitish uchun o‘rnatilgan, qo‘lbola usulda tayyorlangan pechkaga yoqilgan tabiiy gazdan chiqqan is gazidan zaharlanib, vafot etgan.
Shuningdek, erkakning turmush o‘rtog‘i G.M. is gazidan zaharlanib, og‘ir holatda tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida ayolning hayoti saqlab qolingan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.