Ma'lum qilinishicha, Transport nazorati inspeksiyasining Avtomobil transportida nazorat qilish Navoiy viloyati hududiy bo'limi inspektorlari xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda Karmana tumanidagi “Samarqand” YPH maskanida FAW rusumli yuk avtomobilini tekshirish uchun to'xtatgan.
Tekshiruv davomida transport vositasida O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 125¹-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi aniqlangan.
Shundan so'ng, inspektor tomonidan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilayotgan vaqtda haydovchi J.B. bayonnoma tuzilmasligi evaziga inspektorga 1 million so'm miqdorida pora taklif qilgan.
Inspektor haydovchini bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Biroq haydovchi o'zining noqonuniy harakatlarini davom ettirib, inspektorning xizmat vazifasini bajarishiga to'sqinlik qilgan.
Shundan keyin inspektor mazkur holat haqida Transport nazorati inspeksiyasi rahbariyati, korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha mas'ul xodim, shuningdek, Navoiy viloyati IIB hamda Transport prokuraturasiga xabar bergan.
O'tkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchi taklif qilingan 1 million so'mning 700 ming so'mini inspektorga pora sifatida berayotgan vaqtida prokuratura va ichki ishlar organlari tezkor xodimlari tomonidan, holislar ishtirokida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo'zg'atilgan bo'lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






