Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat AQShning moliyaviy yordamisiz ham barqaror faoliyat yuritishga tayyor ekanini ma'lum qildi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Netanyahu 1 iyul kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Isroil iqtisodiyoti yetarlicha mustahkamlanganini va endi Vashington tomonidan ajratiladigan moliyaviy ko'makka ehtiyoj qolmaganini aytgan.
Uning so'zlariga ko'ra, hukumat Amerika moliyaviy yordamini bosqichma-bosqich to'xtatish jarayonini imkon qadar tezroq boshlashni rejalashtirmoqda.
“Men Amerika yordamini to'xtatmoqchiman. Bu ijtimoiy yordamga o'xshaydi va biz endi bunga muhtoj emasmiz”, — degan Isroil Bosh vaziri.
Netanyahuning ta'kidlashicha, Isroil iqtisodiyoti endi kichik iqtisodiyot emas va mamlakat AQSh tomonidan ajratilayotgan mablag'lar o'rnini mustaqil ravishda qoplash imkoniyatiga ega.
Matbuot anjumanida u mintaqaviy xavfsizlik masalalariga ham to'xtalib, Isroil Falastin davlatining tashkil etilishiga qarshi ekanini yana bir bor bildirgan. Shuningdek, u Eron bilan bog'liq vaziyat keskinlashgan taqdirda Isroil yana harbiy choralar ko'rishga tayyorligini aytgan.
Bundan tashqari, Netanyahuning bildirishicha, Hizbulloh tahdidi saqlanib qolayotgan ekan, Isroil qo'shinlari Livan hududidagi o'z pozitsiyalarini tark etmaydi.






