Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda xavfli virus tarqalayotgani va kasallik ko‘proq bolalarga ta’sir qilib, ularda pnevmoniyani keltirib chiqarayotganiga doir xabarlar tarqalmoqda. Xo‘sh, bu qanchalik asosli?
SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovdan ushbu savolga javob oldi.
— Havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan respirator kasalliklar mavsumiy xarakterga ega, — deydi mutaxassis. — Kuz-qish davrida ularning ko‘tarilishi kuzatiladi va bundan zinhor xavotirga tushish kerak emas.
Masalan, bir necha hafta oldin yurtimizda havo harorati keskin pasayishi qayd etildi. Bunday sharoitda ko‘pchilik xonalardagi issiqlikni mo‘tadil saqlab turish uchun eshik-derazalar, tirqishlarni zichlab yopgani tabiiy hol. Oqibatda xonadonlar va yopiq bino-inshootlarda havo almashinuvi kamayishi hisobiga atmosferada viruslar konsentratsiyasi oshishi kuzatildi.
Odatda o‘tkir respirator kasalliklar bir necha klinik belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Dastlab burun shilliq qavatida qichishish, keyinchalik hid bilish qobiliyati qisman pasayishi, aksirish, burun oqishi kuzatiladi.
Navbatdagi bosqichda tomoqda achishish, qurish, og‘riq, ovoz bo‘g‘ilishi va quruq yo‘tal paydo bo‘lishi mumkin. Kasallikdan tuzalish bosqichida esa balg‘am ko‘chishi, xastalikning yumshashi, yo‘tal chog‘ida og‘riqlar pasayishi singari holatlar qayd etiladi.
Bu kabi patologiyalarni keltirib chiqaradigan omillar ko‘p. Gripp virusi, paragripp, rinovirus, adenovirus, koronavirus shular jumlasidandir.
“Yangi viruslar paydo bo‘ldi” degan xabarlarga kelsak, mana, hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga keldi va hamon bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Biroq o‘tgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas.
Hozir kuzatilayotgan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar avj olish jarayonini esa tabiiy holat, deb qabul qilish zarur.
Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga O‘zbekiston hududida qaysi viruslar aylanib yurganini kuzatib boruvchi monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgani, tegishli laboratoriyalarda bemorlardan olingan virus namunalari doimiy ravishda tekshirilib, tahlil qilib borilishini eslatib o‘tmoqchiman.
Shunga asoslanib aytishim mumkinki, bugungi kunda mamlakatimiz hududida tibbiyot uchun notanish va noma’lum bo‘lgan viruslar aylanib yurishi qayd etilgani yo‘q. Balki aniqlanayotgan kasalliklarning aksariyati mavsumiy respirator xastaliklardir.
Buning oldini olish va epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash uchun bemorlar jamoat joylariga chiqishdan, odamlar bilan muloqotdan imkon qadar o‘zlarini cheklashlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, ayniqsa bemorlar va ularning parvarishi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar tibbiy niqobda bo‘lishlari tavsiya etiladi. Xastalik belgilari kuzatilgan yurtdoshlarimiz esa shifokorga murojaat qilib, davo muolajalarini boshlashlari maqsadga muvofiqdir.