Farg‘ona viloyatida 125,4 milliard so‘mlik sun’iy qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) orqali noqonuniy keshbek olishga qaratilgan firibgarlik sxemasi aniqlandi. Bu haqda viloyat Soliq boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tahlillar davomida yirik qonunbuzilish holati fosh etilgan. Aniqlanishicha, fuqaro T.Z. rahbarligida Farg‘ona shahrida “E.F.F.” hamda “F.E.O.Z.” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilgan.
Joriy yil may oyida mazkur korxonalar Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “T.B.S.E.” MChJdan go‘yoki jami 1,2 trillion so‘mlik un va sariyog‘ mahsulotlari sotib olgani haqida elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirgan.
Soliq organlari tomonidan korxonalarning QQS hisobotlari hamda ularning yuridik manzilidagi omborlar o‘rganilganda, Farg‘onadagi korxonalarga aslida hech qanday mahsulot yetkazib berilmagani, shuningdek, tovarlar uchun biror so‘m ham to‘lov amalga oshirilmagani ma’lum bo‘lgan.
Soliq boshqarmasiga ko‘ra, ushbu harakatlar orqali Termiz shahridagi korxona Farg‘onadagi ikki MChJ foydasiga 125,4 milliard so‘m miqdorida sun’iy QQS hosil qilishga uringan.
Shundan so‘ng “E.F.F.” va “F.E.O.Z.” MChJlarning QQS guvohnomasi vaqtincha to‘xtatilgan. Korxonalarning aniqlashtirilgan QQS hisobotlari qabul qilinib, 125,4 milliard so‘mlik sun’iy QQS hisobdan chiqarilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur sxema ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta fiskal cheklarni sotish va ular asosida noqonuniy keshbek mablag‘larini olish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etilgan.






