AQSHning Kaliforniya shtatida samolyot tijorat binosiga qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, 18 kishi jarohatlandi. Bu haqda BBC News xabar berdi.
O‘n kishi tan jarohati bilan shifoxonaga yetkazilgan. Qolgan 8 kishi yordam ko‘rsatilgach, qo‘yib yuborilgan. Federal Aviatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bir dvigatelli Van’s RB-10 samolyoti halokatga uchragan. Rasmiylar halokat qanday sodir bo‘lgani haqida qo‘shimcha ma’lumot bermagan. Halok bo‘lgan ikki kishi ishchi bo‘lganmi yoki samolyot bortidagilarmi, noma’lum.
Politsiya hududdagi binolardan odamlarni evakuatsiya qilmoqda va halokat sodir bo‘lgan joydan uzoqroqda turishni so‘ramoqda.
Kongressmen Lou Korrea samolyot qulagan bino mebel ishlab chiqarish biznesi ekanini aytdi. U jarohatlanganlarning aksariyati zavod ishchilari bo‘lganini ta’kidladi. Aviahalokat oqibatida yong‘in ham kelib chiqqan va u o‘t o‘chiruvchilar tomonidan o‘chirilgan.
Bu so‘nggi ikki oy ichida hududda halokatga uchragan ikkinchi samolyotdir. 25 noyabr kuni yana bir samolyot aviahalokat yuz bergan hududdan taxminan bir blok uzoqlikda daraxtga qulab tushgandi. Ushbu halokatda jiddiy jarohatlar qayd etilmagan.
Bu samolyot ishtirokida 10 kun ichida yuz bergan beshinchi xavfli hodisadir.