Bugun Janubiy Koreya sudi impichment e’lon qilingan prezident Yun Suk Yolni qisqa muddatli harbiy holat joriy etgani uchun hibsga olishga berilgan order muddatini uzaytirdi. Avvalgi order muddati kecha, 6 yanvar kuni tugagan edi.
Koreya Respublikasining Yonhap yangiliklar agentligi shu haqda xabar bergan
Rasmiylarga ko‘ra, Seul G‘arbiy okrug sudi Yuqori martabali amaldorlar uchun korrupsiya bo‘yicha tergov boshqarmasi (CIO) boshchiligidagi tergovchilarning order muddatini uzaytirish borasidagi iltimosini qanoatlantirdi.
O‘tgan juma kuni huquq-tartibot idorlarining hibsga olish orderini ijro etishga urinishi, xavfsizlik xizmatining prezident Yunning Seul markazidagi rasmiy qarorgohga kirishga to‘sqinlik qilgani bois muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.
Tergovchilar uzaytirilgan orderning yangi amal qilish muddatini oshkor qilmagan bo‘lsalar-da, Yunni hibsga olishda kutilayotgan muammolarni hisobga olib, orderning odatiy yetti kundan ko‘proq muddatga uzaytirilganiga ishonishmoqda.
Prezident Yon mamlakatda ommaviy tartibsizlik qo‘zg‘ash hamda o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda harbiy holat e’lon qilishda ayblanmoqda. 30 dekabr kuni politsiya prezidentni hisbga olishga uringanida, prezident qo‘riqchilari maxsus order talab qilib, qarshilik ko‘rsatishgan edi.
Ertasi kuni sud order berishga qaror qildi va bu mamlakat tarixida birinchi marta amaldagi prezidentni hibsga olish orderi berilgani bilan tarixda qoldi.
Tez orada politsiya orderni ijro etish doirasida prezidentni hisbga olishga yana urinib ko‘rishi kutilmoqda.