JSST Xitoyda metapnevmovirus tarqalishi bilan bog‘liq holat yuzasidan izoh berdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xitoyda metapnevmovirus tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat o‘tgan haftadan boshlab xavotirlarga sabab bo‘lib kelayotgandi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu holat yuzasidan o‘z bayonotini e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, Xitoy shifoxonalari bemorlar bilan to‘lgani haqidagi xabarlar asossiz. Buni mamlakat rasmiylari ham tasdiqladi.
Qolaversa, JSSTga bu davlatda noodatiy kasalliklarning epidemiologik ko‘tarilishi yuzasidan hech qanday xabar kelib tushmagan. Hududda qayd etilayotgan metapnevmovirus bilan bog‘liq hozirgi holat esa mavsumiy me’yorda.
“Hech qanday favqulodda holatlar kuzatilmagan. Ro‘yxatga olinayotgan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, shu jumladan, metapnevmovirus darajasi qish mavsumi uchun kutilgan chegaradan oshgani yo‘q”, — deyiladi JSST bayonotida.
Umuman, ayni paytda tashkilot dunyo bo‘ylab nafas yo‘llari kasalliklari dinamikasini diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda.