AsosiyJamiyat

Bank kartalaridagi pul mablag‘lari avtomatik tarzda yechib olinyapti(mi?)

Tarqalayotgan xabarlar yuzasidan Markaziy bank rasmiy munosabat bildirdi.

'Bank kartalaridagi pul mablag‘lari avtomatik tarzda yechib olinyapti(mi?)'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning notanish telefon raqamlaridan qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob berishi bilan ularning bank kartalaridagi pul mablag‘lari avtomatik tarzda yechib olinayotganligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda.

Bugungi kunda faoliyat olib borayotgan tijorat banklari hamda to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarida firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan xavfsizlik choralari ko‘rilgan. 

Xususan, fuqaro tijorat banki yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovasidan foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tishda telefon raqamini ko‘rsatadi hamda SMS-xabar shaklida kelgan tasdiqlash kodini kiritadi, shuningdek, o‘z shaxsini tasdiqlash maqsadida qo‘shimcha biometrik identifikatsiyadan o‘tishi lozim. Ro‘yxatdan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqaro mobil ilovada o‘ziga tegishli bank kartasini biriktirish imkoniga ega bo‘ladi.

Mobil ilovaga bank kartasini biriktirishi uchun bank kartasiga ulangan telefon raqamiga bir martalik tasdiqlash kodi (OTR) yuboriladi. Ushbu OTP kod fuqaro tomonidan mobil ilovaga to‘g‘ri kiritilganidan keyingina uning bank kartasi ilovaga biriktiriladi.

Bunda mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish jarayonida kiritilgan telefon raqami va bank kartasiga SMS-xabarnoma orqali ulangan telefon raqam bir xil bo‘lishi lozim, aks holda bank kartasini ilovaga biriktirish rad etiladi.

Shu bilan birga, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalarida yangi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga nisbatan ilovaga biriktirilgan bank kartalaridan foydalanish 1 soatgacha cheklanadi.

Biroq  fuqaro o‘zining mobil ilovadagi akkauntini boshqarish huquqini beruvchi login va parol hamda telefon raqamiga kelgan bir martalik OTP kodni begona shaxslarga (firibgarlarga) berib qo‘ysa yoki messenjerlar orqali tarqalayotgan zararli APK fayllarni mobil qurilmaga o‘rnatsa, uning bank kartasidan noqonuniy ravishda pul yechib olinishi mumkin!

Markaziy bank aholi va tadbirkorlik subyektlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etadi.


 

    Boshqa yangiliklar