AsosiySiyosat

“Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya” to‘rt tilda nashr etildi

O‘zbek, qoraqalpoq, ingliz va rus tilida nashr qilingan to‘plam taqdimot qilindi.

'“Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya” to‘rt tilda nashr etildi'ning rasmi

Toshkent shahridagi Inson huquqlari uyida “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (o‘zbek, qoraqalpoq, ingliz va rus tilida)” nomli to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qildi. 

Davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, huquqshunoslar, tadqiqotchilar, talabalar hamda gender tenglik masalalariga qiziqadigan jami kitobxonlarga mo‘ljallangan ushbu yangi to‘plamdan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning to‘rt tildagi o‘zbek, qoraqalpoq ingliz va rustillaridagi matni joy olgan.

Ushbu taqdimot 1995 yil 15 sentyabrda Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 45 yilligiga bag‘ishlandi. 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2024 yil 9 sentyabr – 11 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan 57-sessiyasida “Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligini nishonlash tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilinganiga e’tiborni qaratdi. Ushbu xalqaro hujjatlarda barcha davlatlarning xotin-qizlarni inson huquqlaridan to‘liq va teng ravishda foydalanishini ta’minlash, rag‘batlantirish hamda himoya qilish borasidagi majburiyatlari mustahkamlanganligini ta’kidladi.

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Gulrux Agzamova so‘zga chiqdi.

Joriy yilda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligi nishonlanishi bejiz emas. Chunki 1995 yil 15 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan mazkur xalqaro-huquqiy vositalar o‘tgan davrda butun dunyo miqyosida gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar rivojiga sezilarli hissa qo‘shdi.

O‘z navbatida, o‘tgan yili Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 45 yilligi keng nishonlanganini qayd etish lozim. Bu haqda so‘z borganda, dastavval, 1948 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinishi bilan unda e’tirof etilgan gender tenglik, ayollar huquqlarini belgilash va kafolatlash masalasiga bag‘ishlangan xalqaro miqyosdagi hujjat tayyorlash vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Natijada 1967 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Ayollarga nisbatan kamsitishlarga barham berish to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingani xotin-qizlar huquqlari to‘g‘risidagi keng qamrovli xalqaro kelishuvni ishlab chiqishda birinchi qadam bo‘ldi. Ayni chog‘da, ushbu Deklaratsiya jins bo‘yicha kamsitishni taqiqlovchi, shuningdek,davlatlar uchun tavsiyaviy mazmunga ega bo‘lsa-da, kutilgan samarani bermadi.

Konvensiyaning asosiy prinsip va qoidalari 2023 yil aprel oyida umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topgan. Xususan, Konstitutsiyaning 42 va 58-moddalarida ayollarning mehnat huquqlari buzilishiningoldini olish, ular uchun munosib turmush va ish sharoitlari yaratish hamda xotin-qizlarga jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar ta’minlanishi nazarda tutilgan.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga oid 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. 

Ayni paytda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetkazildi. Yangi saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda. Tadbirkor ayollar safi 37 foizga ko‘paydi.  2020 yilning dekabr oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari Yetakchi ayollar muloqoti tashkil etildi. O‘zbekiston 2021 yilda mazkur Muloqotga birinchi bo‘lib raislik qildi.

Yana bir muhim jihat: Yangi O‘zbekistonning gender tenglikka erishishdagi yutuqlari BMT, Parlamentlararo Ittifoq, Jahon banki tomonidan alohida e’tirof etilib, xalqaro indekslarda o‘z aksini topmoqda. Mamlakatimiz 2024 yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘pladi.  Natijada 2022 yil qayd etilgan 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni band etdi.

Shuningdek, o‘tgan yilda mamlakatimiz Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 48 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 91-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston ayollar huquqlari va gender tenglik sohasida eng katta natijalarga erishgan 5 ta mamlakatdan biri sifatida qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar