AsosiyJamiyat

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan ayrim oilalarga subsidiya ajratiladi

Prezident Farmoni bilan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilmoqda.

'Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan ayrim oilalarga subsidiya ajratiladi'ning rasmi

“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-17-son) qabul qilindi. Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 apreldan:

“Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ijtimoiy yordamlar esa – oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarga ham taqdim etiladi.

Bunda madaniy-ma’rifiy, ta’lim, sport va turizm tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari tushumlarining 25 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini yo‘naltirishga ruxsat beriladi;

“Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordamlar quyidagi tartibda ko‘rsatiladi:

oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual rejada kambag‘al oilalarning yoshlari va xotin-qizlariga muayyan ijtimoiy yordamlarning belgilanishi ushbu toifadagi shaxslardan qo‘shimcha murojaat talab etmagan holda “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari hisobidan ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilishiga asos bo‘ladi;

“Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan shaxslarning ijtimoiy holatini aniqlash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali, oilaning moliyaviy holatini esa – idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik ravishda baholash (skoring) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar